SAYYID MIR BARAKA

GURI MIRI SAMARQANDIY

Abdulqodir Jiyloniy hazratlarining avlodlaridan sanalgan Sayyid Mir Baraka,  ko’hna Turkistonning ulug’ mashoixlaridan hisoblanadi. Guri Miri Samarqandiy esa u zotning  taxallusidir. Otalari Sayyid Abdurrahmon Balxiy bo’lib, ul zotni asli Balxdan ekanligiga dalolat qiladi. Ba’zan Mir Barakani ham Balxiy deb nomlashgan. Mir Baraka 1343 yil Balxda tug’ilib 1403 Amir Temur bilan bo’lgan safarda vafot etadilar. Amir Temur Mir Baraka bilan 1370 yilda tanishgan. Amir Temur 1370 yil o’z qo’shinlari bilan Amudaryoni kechib janubga tomon yurish qiladi. Balxning Andxoy qishlog’ida (hozirgi Afg’onistonning shimolidagi Faryob viloyatida joylashgan qadimgi shahar. Mozori Sharifdan g’arbga tomon 185 km) Imom Sayid Mir Barakani uchratadi. Ali Yazdiy Mir Barakani ta’riflab “Payg’ambar xonadoninig eng sharafli kishisi” deb ta’rif bergan. Amir Temur Mir Barakani o’ziga pir tutgan. Mir Baraka Temurni Amir Husayn bilan bo’ladigan jangda g’alaba qozonishni bashorat qilgan. G’alaba va amirlik ramzi sifatida Temurga yol (tug’) va do’mbirani topshiradi. Mir Barakaga ixlos qilgan Temur Amir Husaynga qarshi urush boshlaydi. Husayinning poytaxti Balx shahri kuchli to’qnashuvdan keyin Temur qo’shinlari tomonidan zabt etiladi. Haqiqatdan Amir Temur g’alaba qozonadi va shundan keyin Mir Barakani umri oxirigacha o’zi bilan olib yuradi. Husayn esa Movarounnahr yerlarini tark etib haj safariga ravona bo’lishni aytadi. 1370 yil Mir Sayid Baraka qurultoyda Amir Temurni Movarounnahr Amiri deb e’lon qiladi. Temur Mir Barakaning boshqa ko’p karomatlariga guvoh bo’lgan. 1403 yil Sayid Mir Baraka Temur bilan bo’lgan yurishda Qorabog’ yaqinida qattiq betob bo’ladi. Uni davolashga juda mohir tabiblar jalb qilinadi. Lekin taqdiri azal o’z ishini poyoniga yetkazadi.

Sayid Mir Baraka o’limlari oldidan “Rozi bo’lgan va rozi bo’lingan holingda, Rabbingga qaytgin!” oyatini o’qib jon taslim qiladilar. (Fajr surasi 28-oyat).

Temur uchun bu kun eng qayg’uli kun bo’lib hatto uni ho’ngrab yig’lagani haqida rivoyat qilinadi. Mir Baraka jasadi vaqtinchalik Andxoyga keltirilib, keyinchalik Temurning farmoni bilan qurilgan Guri Mir maqbarasiga dafn qilinadilar. Temur vasiyatida piri Mir Barakaning oyoqlari ostiga dafn qilinishini aytgan. Temur vafot yetgach vasiyatiga ko’ra huddi shu tarzda dafn qilingan. Hatto Guri Mirning bu nom bilan atalishi u yerda Sayid Mir Baraka dafn qilinganlari uchun degan faraz ham bor. Rivoyat qilinishicha Temur pirlarini oyoqlari ostiga ko’milishni shunday deb vasiyat qilgan – “Men o’lgach meni pirimning oyog’i ostiga dafn qiling. Toki qiyomat bo’lib, odamlar najot umidida osmonga qo’llarini cho’zayotganda, men Muhammad (s.a.v) avlodining etagidan tutib qolay

Bartold, Mir Baraka haqida “Sayyid Mir Baraka savdo sotiqda ilg’or bo’lgan Termiz sharining ulug’ kishisi edi. 14 asrda Temurning ma’naviy ustozi va do’sti bo’lgan. U Afg’onistondagi Andxoy shahrini Mir Baraka ixtiyoriga topshirgan. Temur Samarqanddagi Guri Amirda Sayid Mir Barakaning oyog’i ostiga dafn qilingan”degan. V.V. Barthold. Four Studies on Central Asia. E.J. Brill archives; 1956. p. 59.

Sayid Mir Baraka tufayli Movarounnahrga sayyidlar oilasining ko’chib o’tishi yanada avj olgan. “Turkiston Sayidlari va Eshonlari” kutubxonasida saqlanayotgan bir shajaraga muvofiq, hozirda O’zbekiston Respublikasi Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanida qad ko’targan Sulton Mir Haydar ota majmuasida dafn qilinganlar Mir Sayyid Barakaning avlodlari deb tahmin qilinadi. Shuningdek, bu shajarada Mir Haydar ota Sayyid Mir Barakaning o’gli yoki avlodi ekanligiga doir qayd mavjud.