Qozi Sayyid Bahodirxon ibn Sayyid Ibrohimxo’ja

(1860—1916)

  Ibrohimxo’ja o’g’li Qozi Sayyid Bahodirxon IXX asr oxiri XX asr boshlarida yashab o’tgan Samarqand viloyatining Ishtixon shahrida oxirgi qozi lavozima faoliyat qilgan hamda shariat ulamosi, faqih va Mir Arab madrasasining mudarrisi sifatida ham tanilgan yetuk shaxsdir.

  Qozi Sayyid Bahodirxonning tug’ilib o’sgan Ishtixondagi “Safoxo’ja” qishlog’i tarixiy manbalarga qaraganda, sayyidlar, eshonlar va xo’jalar avlodlari yashagan mintaqa hisoblanadi. Aynan shu qishloq Qozi Sayyid Bahodirxonning ajdodlaridan bo’lmish XVIII asrning o’rtalarida yashab o’tgan, Sayyid Qaroxo’ja, ukasi Sayyid Abdurahmonxo’ja va mudarris bo’lib ishlagan kuyovi Sayyid Safoxo’ja tarafidan shu qishloqqa asos solingan ekan.

  Qozi Sayyid Bahodirxonning yozma manbalaridagi nasab shajarasiga binoan, uning o’zi sayyidlardan hisoblanib, shajarada 38-avlod vakili ekanligi ko’rinmoqda. U kishining otalari Sayyid Ibrohimxo’ja hunarmand bo’lish bilan birga, diniy bilimlarni ham puhta egallagan. Shu boisdan ham, o’z o’g’liga bolalik chog’idanoq ta’lim bergan. Qozi Sayyid Bahodirxon otasi va bobosidan bilimlarni egallagan, ilmiy anjumanlarda hadis darslarini tinglagan. 12 yoshida Qur’oni Karimni yod yolgan. Avvaliga qishloq madrasasida tahsil olib, keyinchalik Buxorodagi Mir Arab madrasida ilm olishni davom ettirgan. Qozi Sayyid Bahodirxon arab va fors tillarini mukammal bilgan va shu bilan birga tarix, fiqh (islom qonushunosligi), falsafa va shunga ox’shash ko’plab bilimlarni egallagan. Arastu va Suqrotlarning hayoti bilan qiziqqan. Tasavvuf namoyondalari va ulug’ avliyolar Naqshibandiy, Yassaviy, Najmiddin Kubro kabilar ta’limotini ham o’rgangan. Sheroziy va Navoi ijodi bilan ham bahramand bo’lgan. Bu bilimlar samarasi o’laroq keyinchalik esa, Sayyid Bahodirxon Mir Arab madrasasining bosh mudarrisi lavozimigacha ko’tarilgan.

   Sayyid Bahodirxonning ajdodlariga berilgan shajaraga nazar solinsa, u ota tomonidan Sayyid Solih Ato ibn Sayyid Amir Hasan ibn Sayyid Burhoniddin Al-Qodiriyga borib qadaladi. O’z navbatida esa, Burhoniddin Qodiriy, Imom Hasan Al-Askariyning o’g’li hisoblanmish Sayyid Ali Akbarning avlodidir. Sayyid Ali Akbar esa, Hasan Al-Askariyning (o’n birinchi imom) ikkinchi o’g’illari bo’lgan, degan rivoyat ba’zi tarixiy manbalarda qayd qilingan. Bu haqda yuqorida ta’kidlaganimizdek, Sayyid Bahodirxonning avlodlarida saqlanayotgan “Nasabnoma-i Sharif”da bayon etilgan.

   Sayyid Bahodirxon 1895 yilda Ishtixonga qozi lavozimiga tayin etiladi. Hanafiy mazhabiga ko’ra shariat qoidalarini tatbiq qiladi va el orasida yetuk faqih sifatida taniladi. Shu bilan birga Naqshibandiy tariqatinng ta’limotini ham xalq orasida keng targ’ib qiladi. 1911 yilda o’z mablag’idan Ishtixonda katta xonaqoh barpo etadi. Unda masjid, kutubxona va va zikr ahli to’planadigan zikrxona mavjud bo’lib, tevaragi mutolaa uchun kichik hujralardan iborat bo’lgan. Hozirda xonaqohning o’rnida Ishtixon dehqon bozori bunyod etilgan.

   Qozi Sayyid Bahodirxon umrining oxirigacha qozi lavozimida ishlagan va oxirgi yillarini o’z qishlog’ida kechirgan. 1916 yil o’zi tug’ilib o’sgan Safoxo’ja qishlog’ida vafot etadi. Maqbarasi “Safoxo’ja” qabristonida joylashgan. Alloh barcha o’tgan azizlarni o’z rahmatiga olsin.

   Kuni kecha “Turkiston Sayyidlari va Eshonlar” Jamiyati mazkur shaxsning avlodlarida saqlanib kelayotgan shajarani tadqiq qilish va qayta tasdiqlash baxtiga muyassar bo’ldi. Jamiyatning mutaxassislari tomonidan shajara o’rganilishi borasida juda ko’pgina tarixiy manbalar guvohi ham bo’lindi. Shoyad bu tarixiy hujjat kelajakda boshqa manbalarga ham oydinlik kiritsa ajab emas.  Quyida shajaraning asl nusxasidan olingan namuna Sizlarga havola qilinmoqda.

“Turkiston Sayyidlari va Eshonlari”

Jamiyati rahbari, Sayyid Sardorxon Jahongir.