Ushbu nasabnoma mashhur tasavvuf shayxlaridan bo’lmish, Xo’ja Ahmad Yassaviy ajdodlari va avlodlariga tegishli bo’lib, uni “Turkiston Sayyidlari va Eshonlari” mutaxassislari hozirgi o’zbek alifbosiga o’girdilar. Shajara eski o’zbek tili va alifbosida yozilgan bo’lib, olti dona muhrga ega. Muhrlarning biri shayx Boqi Otaga tegishli ekanligi aniqlangan. Ahmad Yassaviyning ajdodlari Hazrat Alining Fotima onamizdan boshqa ayollaridan dunyoga kelgan Muhammad Hanafiy ismli o’g’illaridan kelgani tarixiy manbalarda mavjud. Shunga ko’ra bu shajara nusxasini tarixiy dalillarga tayangan deb aytishimiz mumkin.  Quyida Ahmad Yassaviy hayotlari haqida qisqacha tanishtirib o’tamiz.

Ahmad Yassaviy

 (XI asr – 1166)

Xoja Ahmad Yassaviy (Yassi yaqinidagi Sayram shahri, taxm. 11-asrning 2-yarmi — 1166) — tasavvufning mashhur namoyandalaridan biri hisoblanadi. Otasi Shayx Ibrohim javonmardlik tariqatiga mansub nufuzli zotlardan bo‘lgan. Yassaviy tug‘ilgach, ko‘p o‘tmay onasi — Muso Shayxning qizi Oysha xotun vafot etadi. 7 yoshida otasidan ham ajraladi. Yassaviy tarbiyasi bilan opasi Gavhar Shahnoz mashg‘ul bo‘ladi. Yassaviy opasi bilan Yassiga ko‘chib borgach, 1-ustozi Arslon bob bilan uchrashadi va undan tahsil oladi («Yetti yoshda Arslon bobom izlab topdim…»). Yassaviy Yassida botin ilmi sirlarini mukammal o‘zlashtirgan. O‘sha zamonlarda ilm-ma’rifatning Movarounnahrdagi markazlaridan bo‘lgan Buxoroda Turkistonning turli tomonlaridan tolibi ilmlar yig‘ilishgan. Arslon bob ko‘rsatmasi bilan Yassaviy ham Buxoroga boradi. Davrning eng peshqadam olimi va so’fiysi Shayx Yusuf Hamadoniy bilan uchrashib, unga murid tushadi.

Buxoroda u arab tili bilan bir qatorda fors tilini ham chuqur o‘rganadi. Forsiyda bitilgan tasavvufiy adabiyot bilan tanishadi. Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniy, Abdulloh Barqiy, Xoja Hasan Andoqiylar bilan hamsuhbat va hammaslak bo‘lib, Yusuf Hamadoniy muridlari qatoridan o‘rin oladi.

Alisher Navoiy Yassaviy to‘g‘risida «Maqomoti oliy va mashhur, karomoti matavoliy va nomahsur ermish. Murid va as’hob g‘oyatsiz va shohu gado aning irodat va ixlosi ostonida nihoyatsiz ermish», — deydi. Bu fikr Yassaviyning Yassiga qaytib kelib, yangi bir tariqatga asos solgan murshid sifatida shuhrat topgan davrlariga tegishlidir. Yassaviy turkiy xalqlarni islomga yanada kengroq jalb qilish va tasavvuf g‘oyalarini omma ko‘ngliga chuqur singdirish maqsadida she’riyatdan ham foydalangan. Abdurauf Fitratning ta’kidlashicha, Yassaviyning «adabiyotda tutgan yo‘li sodda xalq shoirlarimizning tutg‘on yo‘lidir… Uning hikmatlari vaznda, qofiyada, uslubda xalq adabiyoti atalgan she’rlar bilan barobar».

So‘fi Olloyor Yassaviy haqida fikr bildirib, yana shunday degan:

Shariatda edi ul oftobe,

Qolibdur bizga ul erdin kitobe.

«Devoni hikmat»da ilohiy ishq va oshiqlik, ma’rifat va oriflik saodati, fanodan baqoga yetishish tushunchalari nihoyatda samimiy va ta’sirli ohanglarda yoritib berilgan. «Devoni hikmat»dagi barcha she’rlar ham Yassaviyga mansub emas. Unga Yassaviy izdoshlarining ijod namunalari ham kiritilgan. Bu esa, tabiiyki, hikmatlar tili va uslubida ma’lum o‘zgarishlar hosil qilgan. Lekin Yassaviyning o‘nlab izdoshlaridan hech biri ustozlari boshlagan g‘oyaviy, axloqiy, ma’naviyma’rifiy va mafkuraviy yo‘nalishni o‘zgartirmagan. Buni Yassaviy hayoti, tariqati va ijodiyotidan bahs yuritilgan o‘nlab qadimiy manbalar, ayniqsa, Sulton Ahmad Haziniyning «Javohir ulabror min amvojil bihor» asari ham to‘la tasdiqlaydi.

Yassaviyning faqat ijodiyoti emas, qancha umr ko‘rib, qachon vafot etganligi ham bahsli. U hikmatlaridan birida «Yuz yigirma beshga kirdim, bilolmadim», deydiki, bu so‘zlar tarixiy haqiqatdan ko‘ra, manoqibiy mazmunga ega.

 Bundan tashqari, 125 yillik uzoq bir umrning yarmidan ko‘pini «yer osti»da («Oltmish uchda yer ostiga kirdim mano», deydi Yassaviy) o‘tkazgani haqida rivoyatlar mavjud.

Qabri Qozog’istonning Turkiston shahrida, 14 asrda Amir Temur tomonidan tamirlangan. Hozirda ushbu makon dunyoning turli chekkalaridan kelgan ziyoratchilar bilan to’la.

E’tiboringizga jamiyatimiz tomonidan Ahmad Yassaviy hazratlari haqida tayyorlangan turk tilidagi  lavhani havola qilamiz. Ushbu lavha Turkiya respublikasida faoliyat yurgizuvchi «Genç Türkistanlılar» harakati buyurtmasiga asosan tayyorlandi.