TURKISTON TARIXIDAN  SADO BERUVCHI SHAJARA

Yaqinda “Turkiston Sayyidlari va Eshonlari” Jamiyatiga ko’hna Turkiston o’lkasidagi noyob shajaralardan biri kelib tushdi. Bu shajara Turkistondagi Qo’qon xonligining oxirgi namoyondasi Muhammad Xudoyorxon va uning avlodlari nomini zikr etish bilan tugaydi.

Shajaraning ahammiyatga molik tomoni u faqatgina Qo’qon xonlarining shajarasi emas, balki juda uzoq tarixni o’z ichiga qamrab olganidir. Jumladan unda Hazrat Nuh (a.s) va ularning avlodlari, Ibrohim (a.s) va ularning zurriyotlari, Yoqub (a.s)ning o’g’illari, Payg’ambarimiz Muhammad (s.a.v) va ahli baytlari, qadimgi turk xoqonlari, Amir Temur avlodlari, Usmoniy turk podshohlari va so’ngida Qo’qon xonlari bayon etilgan.

Shajaraning yozilishi bir asrdan oshiq tarixga ega. Uzunligi besh metrga yaqin bo’lgan shajara Toshkentda toshbosma usulida chop qilingan. Hozirda mazkur shajara “Turkiston Sayyidlari va Eshonlari” Jamiyati tarafidan tadqiqot qilinib hozirgi o’zbek alifbosi va tiliga o’girilmoqda.

Darvoqe, ushbu shajara bilan qiziqqan, uni tadqiq qilishda o’z hissasini qo’shmoqchi bo’lgan barcha tadqiqotchilarimizni safimizga chorlaymiz. Ajab emas oramizdan ushbu shajara sulolasining davomchilari ham topilib qolsa. Zero Qo’qon xonligining oxirgi vakili Xudoyorxonning avlodlari hozirda oramizda borligi ko’pchilikka ayon.

Shuni yodingizdan chiqarmang-ki, kimda-kim mazkur shajara sulolasining davomchilari ekanligini isbot qila olsa, Jamiyatimiz tomonidan ularga shajaraning aslidan olingan va tasdiqlangan nusxasi hamda maxsus sertifikat berilishi ko’zda tutilgan.

Shuningdek ushbu shajarani o’rganishda Jamiyatimizga yaqindan ko’mak berib, jonbozlik ko’rsatgan va tadqiqot ishlarida o’z yordamini ayamagan Ishtixonning so’nggi qozisi Qozi Sayyid Bahodirxon avlodlarining vakili bo’lmish Ilhomxon Bahodirovga o’z minnatdorchiligimizni bildirib qolamiz. 

Tez kunlarda shajaraning tahliliy bayonini Siz azizlarga ulashishni maqsad qilib qoluvchi,

 “Turkiston Sayyidlari va Eshonlari” Jamiyati mutaxassislari