BISMILLAHIR ROHMANIR ROHIM

SILSILAI TARIQATI NAQSHIBANDIYYATIL

AKBARIYYATIL OLIYYATI

Ko’rib turgan ushbu silsila (ijozatnoma) hozirda Turkiya Respublikasining Koniya shahrida joylashgan, Mavlono Jaloliddin Rumiy Hazratlari ziyoratgohi majmuasida saqlanadi.

Ijozatnomaga “Turkiston Sayyidlari va Eshonlari” Jamiyati vakillari o’zining Koniyaga qilgan safari chog’ida duch kelib, shajaraga alohida e’tibor qaratishdi. Shu tariqa uning asl nusxasidan foydalangan holda shajarani tadqiq qilib, uni hozirgi o’zbek alifbosiga o’girdi. Ijozatnoma qisqacha quyidagi ta’riflarga ega:

Koniyadagi tasavvuf ahllaridan bo’lmish Shayx Ahmad Ramziy Afandining e’tirof qilishicha ijozatnomalar katta va kichik silsila deb tasnif qilinar ekan. Aynan ushbu shajara esa “Silsilai Tariqati Naqshibandiyyatil Akbariyyatil Oliyyati” deb nomlanishiga ko’ra, ya’ni “Oliy Naqshibandiyya Tariqatining Katta Silsilasi” degan sarlavha bilan boshlanadi. Ko’rinib turganidek, uni «Katta Silsila» deb atashimiz mumkin. Darhaqiqat “Turkiston Sayyidlari va Eshonlari” Jamiyatida saqlanayotgan shajaralardan farqli bo’lgan bu ijozatnomani diqqat bilan o’qib ko’rilsa unda ko’pgina boshqa mashhur shaxslarni ham uchratish mumkin. Ular jumlasiga Imomi A’zam, Imom Ismoil Buxoriy, Imom Tahoviy kabilar kiradi. Lekin Bahouddin Shohi Naqshibandiy Hazratlarigacha bo’lgan mashhur yetti pir esa, kichik silsiladagidek bir xil tarzda davom etgan.

Silsila 19 asr o’rtalariga oid bo’lib, u Mir Abdurrahim Al-Marg’inoniyning xalifalari Do’st Muhammadga berilgan bo’lib, muhr bilan tasdiqlangan. Ijozatnoma yakunida irshod haqida ta’limotlar bilan yakunlangan.

Shu o’rinda nazarimizda bir tarixiy mutanosiblikka duch kelgandek bo’lyapmiz. Ijozatnoma so’nggida Mir Abdurrahim Al-Marg’inoniy nomlari qayd etilgan. Aynan shu nomdagi shaxs uchun berilgan va hozirda asl nusxasi “Turkiston Sayyidlari va Eshonlari” Jamiyatida saqlanayotgan boshqa bir silsila (ijozatnoma) mavjudligi Siz aziz o’quvchilarimizga ayon.

Uni saytimizdagi 30/11/2015 sanadagi “Naqshibandiyya ijozatnomasi” va “Qodiriyya irshod shajarasi” nomli maqolamizda ko’rishingiz mumkin.

Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, ikki shajaradagi mutanosiblikni uch holatda ko’rishimiz mumkin; Avvalo, ikki shajaraning ham 19-asr o’rtalarida yozilgani. Ikkinchidan esa, ikki shajara ham Turkiston zaminiga mansubligi. Uchinchisi va eng muhimi, aynan bir xil ism ya’ni Abdurrahim Hazratlarining nomi qayd etilgani. Eng to’g’risini biluvchi Allohdir.

“Turkiston Sayyidlari va Eshonlari” Jamiyati rahbari, islomshunos, tadqiqotchi Sardorxon Jahongir.