Mo’yi Muborak Ziyorati

“Turkiston Sayyidlari va Eshonlari” Jamiyati Turkiyaning Izmit shahrida joylashgan “Dorul Arqom” Islom Bilimlari Akademiyasi bilan hamkorlikda “mo’yi muborak” ziyoratini tashkillashtirdi. Mazkur anjuman akademiya binosida bo’lib o’tdi.
Anjuman tafsilotlaridan avval Siz azizlarga “mo’yi muborak” haqida qisqacha ma’lumot berib o’tishni ma’qul ko’rdik.
Payg’ambarimiz (s.a.v) davrlaridan to bugungacha musulmonlar orasida “mo’yi muborak” arab tilida “lihyay-i sharif” deb nomlanib keladigan ibora mavjud. Xo’sh mo’yi muborak nima?, u haqda naql kitoblarida nima deyiladi?.
Mo’yi muborak – Payg’ambarimiz (s.a.v)ga tegishli bo’lgan soch yoki soqol tolasidir. Payg’ambarimiz (s.a.v)ning soqollarini Hudaybiyya kunida Hirosh bin Umayya al-Huzayi, Vado hajida esa, Ma’mar al-Adaviyya bin Abu Sufyon olganlari haqida rivoyat bor. Payg’ambarimiz (s.a.v)ning bundan boshqa kunlarda ham soqol va sochlari olingani haqida aytiladi. Imom Termiziydan qilingan bir rivoyatga ko’ra, “Rasululloh (s.a.v) avval o’ng, so’ngra chap soqollarini kestirdilar. O’ng soqollarini Abu Talha (r.a)ga berdilar. Chap soqollarini esa, ashoblariga tarqatishlari uchun izn berdilar.
So’ngra, Xolid bin Valid (r.a) payg’ambarimiz (s.a.v)ning soqollaridan bir tutamini Abu Talha (r.a)dan oldi. Hamda bu muborak tolalarni maxsus bir himoyada saqlab, uni umrini oxirigacha boshida o’rab, olib yurdi. Undan g’azotlardagi muvaffaqiyatlarining sirri haqida so’ralganda, “uning sirri mana shu tolalar tufayli” deb, aytganlar.
Ashobi kirom payg’ambarimiz (s.a.v)dan bir nishona yoki alomat olib yurishni istar va bunga ko’p g’ayrat qilar edilar. Sahobalarning hammalari Rasulullohni (s.a.v) juda qattiq sevganlaridan, Rasululloh (s.a.v)dan qolgan ashyolarni muhofaza qilib e’zozlab kelganlar. Sahobalardan keyin esa, islom xalifaliklari, podshohlar, vazirlar, ulamolar hamda boshqa musulmon jamoalar bu odatni davom ettirib kelganlar.
Shu naqllarga binoan Payg’ambarimiz (s.a.v)ning muborak soch yoki soqol tolalari musulmonlar tomonidan e’zozlanib, saqlanib kelinmoqda. Mo’yi muborakni “Lihyayi sharif” yani, kunimiz tilida muborak tola deb nomlab, uni turli hil anjumanlarda, muborak kechalarda ziyorat qilish an’anaga aylangan.
Hatto “mo’yi muborak”ni puhta saqlanishi uchun unga maxsus himoya sandiqlari tayyorlangan. Ularning ba’zilari qimmatbaho toshlar bilan ham bezatilgan.
Moy’i muborak dunyoning turli musulmon o’lkalarida, xususan Xuroson, Movarounnahr, Turkiya, Misr va Jazoirda yashaydigan aholi orasida keng tarqalgan. Mazkur mamlakatlarning ba’zi masjidlarida hozirgacha “mo’yi muborak” saqlanib, shu nom bilan nomlanadi.
Diyorimizdagi Hazrati Imom majmuasida joylashgan “Mo’yi muborak” jomesi ham bunga yorqin misoldir. Ba’zi kimsalar bu masjidda ilgari “mo’yi muborak” saqlanganligini e’tirof qilganlar.
Mo’yi muborak ko’pincha ikki uchu maxsus qoplama bilan berkitilgan silindr shaklidagi shishada saqlanadi. Ularning ba’zilari kumush, oltin hatto olmos bilan ham qoplangan. Bu shishani qirq qavat maxsus mato bilan o’ralgan sandiqchada saqlashadi. Ba’zan bu sandiqchani yana qirq qavat matoga o’ralgan holda katta sandiqda ham ko’rishingiz mumkin. Oxirida esa sandiq yashil matoga o’ralgan holda bo’ladi. Uni masjidlardagi minbarlarning eng yuqorisida, tahtlarning ustida, ulug’vor makonlarning eng to’rida saqlashgan.
Ko’pincha ‘mo’yi muborak” mavlud va qadr kechalari, xufton va tarovih namozlaridan so’ng va boshqa ulug’ ayyomlarda ziyorat qilinadi. Ziyorat avvalida sandiq tahlil va salovatlar bilan ochiladi. Ziyorat asnosida ham salovat aytib turiladi. Uni avval erkaklar, keyin esa ayollar va yosh bolalarning ziyorat qilishi uyg’un ko’riladi. Mo’yi muborak saqlanadigan qutini o’pib peshonaga surish hollari ham mavjud. Sandiqni saqlanayotgan joyidan ziyorat niyati bilan boshqa joylarga olib borilishi ham mumkin.
Bugungi kunda “mo’yi muborak” bir qancha davlatlarda mavjud bo’lib, u ajdodlar osha avlodlarga vasiyat va rivoyat yo’li orqali yetib kelmoqda. Dunyodagi mavjud “mo’yi muborak”lar bu kungacha musulmonlar tomonidan ehtiromlanib, ziyorat qilinib kelinmoqda.
Yuqoridagi an’analarga muvofiq “Turkiston Sayyidlari va Eshonlari” Jamiyati “Dorul Arqom” Islom Bilimlari Akademiyasi bilan hamkorlikda ushbu yig’ilishni tashkillashtirib, ziyoratchilarga mezbonlik qildi. Anjumanda Turkiyaning turli shaharlarlaridan kelgan 200 ga yaqin odam qatnashdi. Ular orasida Izmit shahri hokimiyati vakillari, universitet ustozlari, qorilar, voizlar, Izmit televideniyasi rahbari va ko’plab boshqa mehmonlar hozir bo’ldilar.
Yig’ilish Qur’oni Karim tilovati bilan ochilib, voizlar tomonidan ma’ruzalar qilindi. “Turkiston Sayyidlari va Eshonlari” Jamiyati rahbari Sardorxon Jahongir so’zga chiqib “mo’yi muborak” mavzuyi haqida mehmonlarga nutq so’zladi. Shuningdek, kelgan mehmonlarning Turkiston tarixi, olimlari va shajaralar haqidagi qiziqqan savollariga javob berdi.
Shundan so’ng salovatlar keltirilib mehmonlar birin-ketin “mo’yi muborak”ni ziyorat qila boshladilar. Ziyorat asnosida “Turkiston Sayyidlari va Eshonlari” Jamiyati rahbari mo’yi muborakni taqdim qilgan shaxs bilan alohida muloqot qilib, u saqlangan quti oldida esdalik suratlariga tushdi.
Ziyorat tugagach mehmonlarga mashhur o’zbek palovi tortiq qilindi.