“Turkiston Sayyidlari va Eshonlari” Jamiyatini ijtimoiy tarmoqlar orqali muntazam kuzatib boruvchilari hisoblangan Turkiyaning Izmit shahridagi “Yassaviy Jamiyati”ning bir qancha ijodiy guruhi kuni kecha jamiyat mehmoni bo’ldilar.

Ularning tashrifidan asosiy maqsad, bizning jamiyat bilan yaqindan tanishish, fikr almashish hamda kelgusida mushtarak mavzularda hamkorlik qilish niyatida ekanligi ayon bo’ldi. Shuningdek, “Yassaviy Jamiyati”ning hamkorligida hamda Izmit shahar hokimiyatining homiyligi asosida o’tkaziladigan “Ahmad Yassaviy hikmatidan tarannumlar” nomli konferensiyaga bizning jamiyat a’zolarini ham ishtirok etishini taklif qildilar. Hamda konferensiya tugagach, Hazrat Ahmad Yassaviyning shajaralariga oid ma’lumotlar haqida so’zlab berishimizni iltimos qilishdi.

Bunday bir taklifdan albatta jamiyatimiz ijodiy guruhining boshi ko’kka yetdi, hamda bu iltimosni bajonidil qabul qilishimizni bildirdik.

“Ahmad Yassaviy hikmatidan tarannumlar” nomli konferensiya 3 mart kuni Izmit shahrida bo’lib o’tdi. Unda dunyoning turli o’kalaridan kelgan 1000 ga yaqin odam ishtirok etdi. Jamiyat rahbari Quvayt, Falastin, Yaman va dunyoning boshqa mamlakatlaridan kelgan mehmonlar bilan qizg’in konferensiya haqida qizg’in suhbatlar olib bordi. Shajaralar haqidagi ilmiy ijodiy kecha esa, ertasi kuni yani 4 martga belgilandi.

Ilmiy ijodiy kechani Ahmad Yassaviy hikmatlari bo’yicha O’rta Osiyo mamlakatlarida ko’p yillardan beri yashab, ijod qilib kelgan doktor Hayati Bilje boshlab berdi. Ahmad Yassaviy ijodi va hayoti haqida mazmunli va ibratli suhbatdan so’ng, so’z navbati “Turkiston Sayyidlari va Eshonlari” Jamiyati rahbari islomshunos Sardorxon Jahongirga berildi. U jamiyat kutubxonasida saqlanayotgan turli shajaralar asosida Ahmad Yassaviy sulolasiga va tariqatdagi muridlik va murshidlikka oid ma’lumotlar haqida so’zlab berdi.

Jamiyatimiz rahbari maruza avvalida Ahmad Yassaviyning irshod shajarasi (tariqatdagi ijozatnomasi) keyin esa, uning sulola shajarasi haqida anjuman qatnashchilariga so’zlab berdi.

Mehmonlarda shajaralar haqidagi ma’lumotlar juda katta taassurot uyg’otdi va bu borada kelgusida yanada yaqindan tanishish istagida ekanliklarini aytib o’tishdi.

Nutq yakunlangach anjuman ishtirokchilarining qiziqqan savollariga javob berilib, esdalik suratlarga tushildi.

Mehmonlar orasida “Yassaviy Jamiyati” a’zolari, universitet ustozlari, Turkiya Oliy Majlisi vakillari, Izmitning nufuzli kompaniyalaridan biri hisoblangan «Realty Sistem» rahbari Kenan Kural, hamda, turli jamiyat rahbar va vakillari ishtirok etishdi.

“Turkiston Sayyidlari va Eshonlari” Jamiyati.